Qirg‘izistonda terrorchilik tuzilmasi aʼzolari ushlandi
Tezkor tadbirda jami 30 kishi qo‘lga olingan.

Qirg‘izistonda amaldorlar, maxsus xizmatlar va huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshi teraktlar sodir etishni rejalashtirgan terrorchilik tuzilmasining 30 nafar aʼzosi qo‘lga olindi. Bu haqida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) matbuot markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur guruh aʼzolari muntazam ravishda yashirin yig‘ilishlar o‘tkazib, ularda radikal mafkura targ‘iboti olib borilgan, shuningdek, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun pul mablag‘lari yig‘ilgan.
Aniqlanishicha, ushbu radikal guruhning asosiy maqsadi Qirg‘iziston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi “jihod” qilish, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi rasmiylari, maxsus xizmatlari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan teraktlarni rejalashtirish bo‘lgan. Guruh aʼzolaridan biridan qo‘lbola portlovchi qurilma yasash bo‘yicha video yo‘riqnoma olingan. Holat yuzasidan tergov olib borilmoqda.







