Tramp AQSh ta’lim tizimini keskin tanqid qildi
U AQSh ta’lim tizimini isloh qilishga va’da berdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat ta’lim tizimini keskin tanqid qilib, uni dunyodagi eng yomon tizim deb atadi. Fox News telekanaliga bergan intervyusida u Ta’lim vazirligini tugatish rejalari haqida gapirdi.
"Maktablarni davlat nazoratiga qaytarmoqchimiz, chunki bizda eng yomon ta’lim departamenti bor. Biz ta'limda ro‘yxatning eng oxiridamiz, lekin o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar bo‘yicha birinchi o‘rindamiz", — dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi tizim ortiqcha byurokratiya va moliyaviy samarasizlikdan aziyat chekmoqda. Tramp shtatlar ta’lim tizimini o‘zlari boshqarishi kerakligini aytib, maktablar davlat tomonidan nazorat qilinishi lozimligini ilgari surdi. Uning fikricha, bu maktablarning sifatini oshirishga yordam beradi.
Shuningdek, Tramp Ta’lim vazirligi tugatilgan taqdirda, uning ayrim funksiyalari G‘aznachilik departamenti, Savdo departamenti yoki Kichik biznes ma’muriyatiga o‘tkazilishi mumkinligini bildirdi. Bu islohotlar orqali byudjet mablag‘larining samaradorligini oshirish va ta’lim sifati bo‘yicha AQShni oldingi o‘rinlarga olib chiqish rejalashtirilmoqda.
Ekspertlar esa bu qarashlarni turlicha baholamoqda. Ba’zilar ta’lim tizimining isloh qilinishi zarurligini ta’kidlasa, boshqalar bunday tub o‘zgarishlar jiddiy muammolarga olib kelishi mumkinligini aytmoqda.







