Saudiya Arabistoni Ukrainani tiklashga sarmoya kiritishi mumkin
Zelenskiy va bin Salmon Jiddada investitsiyalar va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildi.

Saudiya Arabistoni urushdan keyin Ukrainani qayta tiklashga investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning Jiddadagi uchrashuvida muhokama qilindi. Muzokaralar natijasida tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sarmoya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ukraina prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Kiyev Saudiya Arabistoni bilan savdo, iqtisodiyot va energetika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish hamda bu davlatning Ukrainani tiklash jarayonida ishtirok etishidan manfaatdor. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon esa Saudiya Arabistoni Ukrainaga va uning kelajagiga sarmoya kiritish niyatini tasdiqlagan.
Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar davomida tomonlar energetika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilma kabi sohalarda investitsion hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shuningdek, neft, gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilingan.







