Dog‘istonda zirhli transportyor yengil avtomobilni bosib o‘tdi
Oqibatda avtomobil haydovchisi halok bo‘lgan.

Dog‘iston Respublikasining Maxachqal’a shahrida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Harbiy zirhli transportyor (BTR) LADA Priora rusumli yengil avtomobil ustidan yurib o‘tgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Qorabudaxkent trassasida, piyodalar o‘tish joyi yaqinida sodir bo‘lgan.
Voqea joyidan olingan videokadrlarda ko‘plab odamlar yig‘ilgani, oq rangli avtomobil butunlay ezilgan holda yotgani aks etgan. Mashinaning old va orqa qismi butkul buzilgan, uning tanasi esa bosim natijasida butunlay deformatsiyaga uchragan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil ichida bo‘lgan shaxs og‘ir jarohatlar olib, voqea joyida halok bo‘lgan.
Hodisaning aniq sabablari hozirda huquq-tartibot organlari tomonidan o‘rganilmoqda. Tergov harakatlari boshlangan bo‘lib, voqea tafsilotlari rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.







