Pavel Durov sud ruxsati bilan Fransiyani tark etdi
Sud jarayonlari haligacha davom etmoqda

Telegram asoschisi Pavel Durov, unga nisbatan ochilgan jinoiy ish doirasida Fransiyadan chiqish uchun suddan ruxsat olib, Dubayga uchib ketdi.
Manbalarga ko‘ra, tergovchi Durovga bir necha haftaga Fransiyani tark etishga ruxsat bergan. U avvalroq 2024-yil 24-avgust kuni Ozarbayjondan kelganida Parijning Le Burje aeroportida qo‘lga olingan edi.
Fransiya prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Durovga nisbatan tergov 2024-yil fevral oyida boshlangan. Sud uni 5 million yevro garov evaziga ozod qilgan, biroq nazorat ostida qoldirib, barcha pasportlarini musodara qilgan. U Rossiya, Fransiya, BAA va Sent-Kits va Nevis fuqarosi hisoblanadi.
Fransiya hukumati Durovni quyidagi jinoyatlarga aloqadorlikda gumon qilmoqda:
- Uyushgan guruh tarkibida noqonuniy faoliyat yuritish uchun onlayn platformani boshqarish;
- Vakolatli organlarning so‘roviga binoan hujjatlar yoki ma’lumotlarni taqdim etmaslik;
- Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq pornografiya, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi va firibgarlikka sheriklik;
- Rasmiy deklaratsiyasiz kripto xizmatlarini ko‘rsatish va olib kirish.
Fransiya advokatlari bu jarayon kamida uch yoki to‘rt yil davom etishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, Durov sud nazorati shartlarini yumshatish bo‘yicha tergovchiga murojaat qilish huquqiga ega.







