Koinotda qolib ketgan ikki astronavt Yerga qaytadi
Ularning o'rnini yangi ekipaj a'zolari egallaydi.

Amerikalik astronavtlar Butch Uilmor va Suni Uilyams Xalqaro kosmik stansiyasida (XKS) bir hafta bo‘lishni rejalashtirgan edi, ammo texnik nosozliklar tufayli qariyb 10 oy davomida u yerda qolib ketdi. Ular “Starliner” kemasi dvigatel tizimlaridagi muammolar sabab Yerga qayta olmagan.
Hozirda astronavtlar joylashgan stansiyaga Crew Dragon kapsulasi muvaffaqiyatli ravishda ulandi va yangi ekipaj ularning o‘rnini egallash uchun tayyorlanmoqda. Agar hammasi reja asosida ketsa, Uilmor va Uilyams 19 mart kuni Yerga qaytishlari kutilmoqda.
Shu bilan birga, NASA mutaxassislari ob-havo sharoitiga bog‘liq ravishda rejada o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Bunday kechikishlar kosmik tadqiqotlarda ko‘p uchraydi, ammo bu holat Starliner kemasining ishonchliligiga bo‘lgan shubhalarni kuchaytirdi.







