Yaponiyada kuchli o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda
Yong‘in tufayli aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.

Yaponiyaning Exime va Okayama prefekturalarida kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda. Mahalliy hukumat xavfli hududlarda yashovchi aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha buyruq berdi.
Yong‘inlardan biri Exime prefekturasining Imabari shahri yaqinida sodir bo‘lib, Imabari-Komatsu tez yo‘lining yopilishiga sabab bo‘ldi. Yong‘in hududida yashovchi 381 kishi xavfsiz joyga ko‘chirilmoqda.
Okayama shahri hududida ham katta yong‘in qayd etilib, 10 gektar maydon yonib ketdi. Bu yerda 403 ta xonadon xavf ostida qolgan, shuning uchun mahalliy hokimiyat evakuatsiya choralari ko‘rmoqda.
Ikki prefektura rasmiylari Yaponiya o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlaridan yong‘inni o‘chirishda yordam so‘ragan. Yong‘in keng maydonlarga tarqalayotgani sababli qutqaruv xizmatlari favqulodda choralar ko‘rmoqda.







