Konor Makgregorga 7 yil qamoq jazosi berilishi mumkin
U Dublindagi tartibsizliklarga sabab bo‘lgan deb gumon qilinmoqda.

Irlandiyaning sobiq ikki karra UFC chempioni Konor Makgregor ijtimoiy tarmoqlardagi postlari sababli etti yilgacha qamoq jazosiga duch kelishi mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, Irlandiya davlat ayblovi direktori sportchining 2023-yil noyabr oyida Dublindagi tartibsizliklar oldidan ijtimoiy tarmoqda joylagan bayonotlarini diqqat bilan o‘rganmoqda. Ushbu postlarda Makgregor muhojirlar mavzusiga to‘xtalgan va uning fikrlari ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Rasmiylar uning so‘zlari zo‘ravonlik va tartibsizliklarni avj oldirgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.
Irlandiya qonunchiligiga ko‘ra, nafratni qo‘zg‘atish yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Ushbu holat mamlakatda so‘z erkinligi va nafrat nutqiga qarshi kurash borasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim siyosatchilar Makgregorning so‘zlari xavfli ekanini ta’kidlayotgan bo‘lsa, boshqalar bu holatni fikr bildirish erkinligiga tahdid deb baholamoqda.
Hozircha Makgregorga qarshi rasmiy ayblov qo‘yilmagan, tergov davom etmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, agar unga rasmiy ayblov qo‘yilsa, bu nafaqat uning sportdagi kelajagiga, balki tijoriy faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Makgregor hali bu borada rasmiy bayonot bergani yo‘q.








