Texasda Tesla dilerligida portlovchi qurilmalar aniqlandi
Ma'lumotlarga ko'ra Tesla obyektlariga 48 ta hujum uyushtirilgan.

AQShning Texas shtati, Ostin shahridagi Tesla dilerlik markazida bir nechta portlovchi moslamalar topildi. Mahalliy politsiya xodimlarining xabar berishicha, 24-mart kuni ertalab dilerlik markazi hududida shubhali qurilmalar aniqlangan. Xavfsizlik xizmatlari darhol voqea joyiga yetib kelgan va sapyorlar tomonidan qurilmalar tekshirilib, zararsizlantirilgan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan, lekin tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur hodisa Tesla kompaniyasiga qaratilgan so‘nggi tahdidlar fonida sodir bo‘ldi. AQSh Federal qidiruv byurosi (FTB) Tesla obyektlariga qaratilgan hujumlarga qarshi kurashish uchun maxsus tergov guruhi tuzganini rasman e’lon qildi. FTB vakillari bu kabi harakatlarni vandalizm, zo‘ravonlik va maishiy terrorizm sifatida baholashayotganini ma’lum qilishdi.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Tesla dilerlik markazlari, elektromobillari va zaryadlash stansiyalariga qarshi kamida 48 ta hujum sodir etilgani haqida ma’lumotlar olingan. Rasmiylar bunday hujumlar ortida qanday shaxs yoki guruhlar turganini aniqlashga harakat qilmoqda.
Ostin politsiyasi va FTB ushbu voqea yuzasidan xavfsizlik choralari kuchaytirilganini, Tesla ob’ektlari atrofida qo‘shimcha kuzatuv va patrullik ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Hozircha gumonlanuvchilar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan, ammo tergov davom etmoqda.







