Misrda rossiyalik sayyohlar ekskursiya batiskafi halokatga uchradi
Fojia oqibatida 6 nafar sayyoh vafot etgan.

27-mart kuni Misrning mashhur Xurgada kurorti qirg‘og‘ida 45 nafar rossiyalik sayyoh bo‘lgan ekskursiya batiskafi halokatga uchradi. U qirg‘oqdan bir kilometr uzoqlikda cho‘kib ketgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 6 kishi halok bo‘lib, 9 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan.
Hodisa sayyohlar o‘z mehmonxonalari – besh yulduzli Serry Beach Resort tomonidan tashkil qilingan muntazam suv osti ekskursiyasi chog‘ida yuz bergan. Rejaga ko‘ra, ular iskaladan transport orqali yetkazilib, keyin esa 22 metr chuqurlikka sho‘ng‘ishi kerak edi.
Dastlabki tergovga ko‘ra, fojiaga batiskaf uchuvchilaridan birining xatosi sabab bo‘lishi mumkin. Boshqaruvni yo‘qotgan suv osti kemasi marjon rifi bilan to‘qnashgan, natijada batiskaf ag‘darilgan.
Evakuatsiya ishlari darhol boshlangan, qutqarilganlar mahalliy kasalxonalarga yetkazilgan. Rossiyaning Xurgadadagi Bosh konsulligi diplomatlari ham voqea joyiga yetib kelgan.
Rossiya ommaviy axborot vositalari esa batiskafning arxiv kadrlarini e’lon qila boshlagan. Ushbu suv osti transporti marjon riflarini tomosha qilish uchun ishlatilgan muntazam ekskursiyalarda foydalanilgan.







