O'zbekiston

Prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

“Ramazon oyida qilgan barcha ezgu niyat va duolarimiz ijobat bo‘lsin!”, deyiladi tabrik matnida.

Prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

 

Qadrli yurtdoshlar!

Avvalo, siz azizlarni, butun xalqimizni ulug‘ ayyom – muborak Ramazon hayiti bilan chin yurakdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Ushbu saodatli damlarda bu yilgi Ramazon oyini har tomonlama munosib o‘tkazib, Iyd-al-Fitrni el-yurtimiz bilan birga mana shunday shodu xurramlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz.

 

Albatta, tub mohiyatida insonparvarlik g‘oyasi mujassam bo‘lgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uyg‘un va hamohang ekani Ramazon oyida yana-da yaqqol namoyon bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

 

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, shukronalik, xayru saxovat fazilatlari ulug‘lanadigan ushbu oyni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda, yuksak saviyada o‘tkazish, yurtimiz musulmonlari ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidlash lozim.

 

Ayniqsa, bu muborak oyning “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” degan g‘oya asosida o‘tkazilgani jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va saxovat muhitini yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.

 

Shu maqsadda kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolg‘iz insonlar holidan xabar olish, kambag‘al kishilarning og‘irini yengil qilish, uylar va mahallalarni obod etish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy daraxt ekish, yangi bog‘u rog‘lar barpo etish bo‘yicha ko‘plab xayriya tadbirlari o‘tkazilganini qayd etish zarur. Jumladan, respublikamiz bo‘ylab ko‘pmillatli, ko‘pkonfessiyali mamlakatimiz jamoatchiligi vakillarini birlashtirgan iftorlik marosimlari bizning kuchimiz birlikda va hamjihatlikda ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

 

O‘ylaymanki, keyingi yillarda yaxshi anʼanaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini ulug‘lash, mehnatkash va olijanob xalqimizni yagona, ahil oila sifatida birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta davom ettiramiz.

 

Hurmatli do‘stlar!

Barchangizga maʼlumki, islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va maʼrifat, ezgu fazilatlarni ulug‘lash taʼlimotidir.

 

Shu borada mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi va madaniyati asosida yaratilgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni to‘plash, o‘rganish va keng targ‘ib etishga so‘nggi yillarda ulkan eʼtibor berilmoqda. Ayni shu maqsadda yurtimizda yangi-yangi ilmiy-maʼrifiy markazlar, diniy yo‘nalishdagi taʼlim maskanlari, qutlug‘ ziyoratgohlar barpo etilib, samarali faoliyat olib bormoqda.

 

Hech shubhasiz, bularning barchasi go‘zal diyorimizda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-maʼrifiy hayot ham uzluksiz rivojlanishda ekanidan dalolatdir. Bu ishlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlari, butun xalqimizning munosib hissasi borligini taʼkidlab, buning uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

Mana shu shukuhli ayyomda chet ellarda ona yurtga sadoqat tuyg‘usi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham Ramazon hayiti bilan chin dildan qutlab, ularga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

 

Ushbu sharofatli kunda dunyoning uzoq-yaqin o‘lkalaridagi musulmon ummatini ham qizg‘in tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga do‘stlik salomimizni yo‘llaymiz.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

 

Ramazon oyida qilgan barcha ezgu niyat va duolarimiz ijobat bo‘lsin!

 

Alloh taolo jonajon Vatanimiz va xalqimizni o‘z panohida asrasin!

 

Iyd-al-Fitr ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!

custom img

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Daniya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Uchrashuvda ikki davlat hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

O‘zbekistonda ish haqi oshdi: o‘rtacha maosh 7,1 mln so‘mga yetdi

Eng yuqori real ish haqi o‘sishi Jizzax viloyatida, eng yuqori o‘rtacha maosh esa moliya va sug‘urta sohasida qayd etildi.

custom img

O‘zbekiston kontenti uchun xalqaro maydon: Tashkent Content Market Bokuda taqdim etildi

Platforma O‘zbekiston kontentini xalqaro bozorlarga olib chiqish, distribyutsiya va koproduksiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

custom img

“Odamlar ko‘chada yotibdi”: Maktab ta’limi vazirligi videoga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik qabulxonasiga murojaat qilgan fuqarolar “ko‘chada yotibdi” degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.

custom img

Ish joyida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmaydi: Senat qonunni ma’qulladi

Mehnat kodeksiga shahvoniy shilqimlikni taqiqlash, ish beruvchining xodimlar uchun xavfsiz muhit yaratish majburiyatini belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritiladi.

custom img

Qizlarni ish bilan aldab, Turkiyaga olib kelgan: xalqaro qidiruvdagi ayol ushlandi

Odam savdosida gumonlanib qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyada qo‘lga olindi.

custom img

Hamma kutgan qonun: Senat umrbod qamoq jazosini ma’qulladi

Hujjatga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan ayrim jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi qo‘llanadi.

custom img

Yomg‘ir, qor va kuchli shamol: O‘zbekistonga sovuq havo kirib keladi

“O‘zgidromet” ob-havo keskin o‘zgarishidan ogohlantirdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"