Buyuk Britaniyada bachadon transplantatsiyasidan so‘ng ilk chaqaloq dunyoga keldi
Bachadonsiz ayol birinchi marta ona bo‘ldi.

Buyuk Britaniyada bachadoni transplantatsiya qilingan ayol birinchi marta ona bo‘ldi. 36 yoshli Greys Devidson bachadonsiz tug‘ilgan bo‘lib, 2023-yilda o‘z singlisining bachadonini qabul qilgan edi. Bu mamlakat tarixidagi ilk muvaffaqiyatli bachadon transplantatsiyasi hisoblanadi.
Joriy yilning fevral oyida Greys va uning turmush o‘rtog‘i, 37 yoshli Angus, o‘zlarining ilk farzandlari – qiz farzandlarini dunyoga keltirishdi. Juftlik unga donor — Greysning singlisi — sharafiga Emi deb ism qo‘yishdi.
Chaqaloq Emi ikki kilogrammdan sal ko‘proq vaznda tug‘ilgan.
Hozirda Shimoliy Londonda yashayotgan, aslida Shotlandiyadan bo‘lgan er-xotin hozir transplantatsiya qilingan bachadon yordamida ikkinchi farzand ko‘rishni ham orzu qilishmoqda. Ular dastlab shaxsiy hayotlarini ommaga oshkor qilmaslikka qaror qilishgan, ammo Emi xavfsiz tug‘ilgach, o‘z hikoyalarini BBC bilan bo‘lishishga qaror qilishdi.
Jarrohlar jamoasi shu paytgacha vafot etgan donorlar yordamida yana uchta bachadon transplantatsiyasini amalga oshirganini ma’lum qilishdi. Ularning rejasiga ko‘ra, klinik sinovlar davomida jami 15 ta shunday operatsiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.







