Jahon iqtisodi 12 soat ichida 6,4 trillion dollar yo‘qotdi
Holat investorlar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

So‘nggi 12 soat ichida global fond bozorlari tarixdagi eng keskin qulashlardan birini boshdan kechirdi. Jahon iqtisodiyoti umumiy hisobda 6,4 trillion dollar yo‘qotdi. Bu holat investorlar orasida jiddiy xavotir uyg‘otib, moliyaviy bozorlar beqarorligining navbatdagi dalili sifatida ko‘rilmoqda.
Eng katta yo‘qotish Gonkongda qayd etildi — u yerda indekslar 13,2% ga tushdi, bu esa 1997-yildan beri kuzatilgan eng yomon ko'rsatkichdir. Tayvan esa 9,7% lik pasayish bilan yangi antirekordni o‘rnatdi.
Singapurda ham holat og‘ir: aksiya bozori 7,7% ga qulab tushdi, bu so‘nggi 16 yil ichida eng katta yo‘qotish hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday keskin pasayishlar global siyosiy va iqtisodiy notinchlik bilan bog‘liq bo‘lib, bozorlarda uzoq muddatli salbiy ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.







