Kanada AQSHni sudga berdi
AQShning boj stavkalari xalqaro savdo qoidalariga zid deb hisoblanmoqda.

Kanada hukumati Qo‘shma Shtatlar tomonidan Kanadadan import qilinadigan avtomobillar va ularning ehtiyot qismlariga qo‘yilgan 25 foizlik boj stavkalaridan norozi bo‘lib, Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi.
JST rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Kanada ushbu tariflar xalqaro savdo qoidalariga zid deb hisoblaydi va AQSh bilan nizo yuzasidan rasmiy maslahatlashuvlar o‘tkazishni talab qilmoqda.
Ottavaning fikricha, Qo‘shma Shtatlar tomonidan joriy etilgan bu boj stavkalari 1994-yilda imzolangan Tariflar va Savdo bo‘yicha Bosh kelishuv (GATT) talablariga zid keladi va AQShning xalqaro majburiyatlariga mos emas.
JST nizomiga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘rtasida nizo chiqqan taqdirda, birinchi bosqich sifatida tomonlar maslahatlashuvlar yo‘li bilan muammoni hal qilishga harakat qiladilar. Agar bu bosqichda kelishuvga erishilmasa, ish arbitrajga yoki sudlov paneliga topshirilishi mumkin.







