Yevroittifoq 15-apreldan AQSh mahsulotlariga boj joriy qiladi
Taqiqlarning ikkinchi to‘lqini may oyida e'lon qilinishi kutilmoqda.

Yevropa Ittifoqi AQShning yangi tariflariga javoban 15-apreldan ayrim Amerika mahsulotlariga javob bojlari joriy qiladi. Bojlar shimlar, viski, yeryong‘oq yog‘i va mototsikllarga nisbatan qo‘llanadi.
Yevrokomissiya vakili Marosh Shefchovichga ko‘ra, bu chora AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropadan keltiriladigan tovarlarga boj belgilashiga javobdir. Yangi bojlar 9-aprelda tasdiqlanadi, may oyida esa parranda, go‘sht, tuxum, sut mahsulotlari, to‘qimachilik va texnika kabi mahsulotlar ham ro‘yxatga kiritilishi mumkin.
Tramp bu tariflarni AQShning savdo balansidagi salbiy farq bilan izohlab, boshqa davlatlarni yolg‘onchilikda aybladi. Uning qarori xalqaro noroziliklarga sabab bo‘ldi, bozorlarda pasayish, neft narxi tushishi va inflyatsiya xavfini kuchaytirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi prezidentlik davrida Tramp po‘lat va alyuminiyga boj joriy qilgan, YeI esa javoban tariflar qo‘llagan edi. Keyinchalik bu bojlar Jo Bayden ma’muriyati bilan kelishilgan holda bekor qilingan edi.







