Britaniyada sun'iy intellekt potentsial qotillarni aniqlashi mumkin
Ushbu tizim ruhiy salomatlik va oilaviy zo‘ravonlikka oid nozik ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi.

Buyuk Britaniya Adliya vazirligi potentsial qotillarni aniqlash uchun sun'iy intellekt algoritmlaridan foydalanadigan loyiha ustida ish olib bormoqda. Loyiha dastlab “Qotilliklarni bashorat qilish loyihasi” deb nomlangan bo‘lsa-da, keyinchalik “Xavfni baholashni yaxshilash uchun ma’lumotlar almashish” nomiga o‘zgartirildi. Ushbu tizim 2015 yilgacha bo‘lgan jinoyat ma’lumotlarini tahlil qilib, sudlangan jinoyatchilar orasida kelajakda og‘ir jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarni aniqlashga harakat qiladi.
Loyihaning tanqidchilari, jumladan Statewatch tashkiloti vakillari, bu tizimni "dahshatli va distopik" deb atashdi. Ular sun'iy intellekt irqiy va ijtimoiy jihatdan kam ta'minlangan jamoalarga nisbatan noto‘g‘ri qarorlar chiqarishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, ushbu tizim ruhiy salomatlik, oilaviy zo‘ravonlik va o‘z joniga qasd qilishga oid nozik ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olgani tanqidga sabab bo‘lmoqda.
Adliya vazirligi esa loyihaning hozircha faqat tadqiqot xarakteriga ega ekanini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, bu yondashuv Probatsiya va qamoqxona xizmatidagi mavjud xavfni baholash tizimlarini yanada takomillashtirishga yordam beradi. Yakuniy natijalar haqida esa yaqin orada hisobot e’lon qilinishi kutilmoqda.







