Isroil harbiylari G‘azoda urushni to‘xtatishni so‘ramoqda
Ular hukumatga ochiq xat yo‘llashdi.

Isroil harbiy-havo kuchlarining 950 nafar isteʼfodagi uchuvchilari va rezervistlari G‘azo sektoridagi jang harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilib, hukumatga ochiq xat yo‘lladi.
Ular ushbu urushni siyosiy va shaxsiy manfaatlarga xizmat qilayotgan, xavfsizlik masalalariga esa yechim bermayotgan harakat sifatida baholadi. Xatda urushni davom ettirish garovga olinganlarni qaytarishga yordam bermasligi, aksincha, ko‘proq qurbonlar va harbiylarning ruhiy va jismoniy charchashiga olib kelayotgani taʼkidlangan.
"Ushbu harakatlar o‘zining eʼlon qilingan maqsadlariga erishmayapti. Aksincha, tinch aholining o‘limi, harbiylar orasidagi yo‘qotishlar va garovdagilarni qutqarishdagi muvaffaqiyatsizliklar soni ortib bormoqda", — deyiladi murojaatda.
Xat orqali harbiylar Isroil hukumatini G‘azodagi operatsiyalarni to‘xtatish va garovga olinganlar taqdirini diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.







