AQShning Rossiyaga nisbatan bosimi kuchaymoqda
Agar sulh bitimi imzolanmasa AQSH Rossiyaga sanksiyalar joriy etishini ta'kidladi.

Xabarlarga ko‘ra, agar aprel oyi oxirigacha Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh bitimi imzolanmasa, AQSh hukumati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘lqinini boshlashi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, bu choralarni prezident Donald Tramp o‘z vakolatlari doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishi yoki bu boradagi qonun loyihasini Kongressga kiritishi mumkin. Bu takliflar hozircha muhokama bosqichida bo‘lsa-da, AQSh siyosiy doiralari ichida Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyorgarlik borligi ayon.
Yangi sanksiyalar moliyaviy sektor, energetika sanoati va strategik texnologiyalar eksportini nishonga olishi kutilmoqda.
Shuningdek, AQSh Yevropa Ittifoqi va boshqa ittifoqchilar bilan hamkorlikda harakat qilishni rejalashtirmoqda, bu esa sanksiyalar ta’sirini yanada kuchaytiradi.
Ushbu choralar, birinchi navbatda, Rossiyani Ukraina bilan muzokaralarga jiddiy yondashishga undash maqsadida ko‘rilmoqda. Ayni damda esa sulh bitimi bo‘yicha diplomatik harakatlar davom etmoqda, biroq muzokaralar sust ketayotgani sababli bosim kuchaytirilishi ehtimoli ortmoqda.







