Janubiy Koreyada metro qurilishi vaqtida yer o‘pirilib tushdi
Fojia oqibatida bir kishi bedarak yo‘qolgan.

Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasida barpo etilayotgan metro tunnelida 11-aprel kuni daxshatli hodisa yuz berdi — yo‘lning yer usti qismi qulab tushdi. Oqibatda yaqin atrofdagi bir nechta binolar zarar ko‘rdi, bir ishchi bedarak yo‘qolgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 15:13 da sodir bo‘lgan. Qurilish olib borilayotgan tunnel ustidagi yer qatlami birdaniga cho‘kib tushgan. Dastlab, inshootda ishlayotgan besh ishchi bilan aloqa uzilgan. Keyinchalik ularning uch nafari xavfsiz joyda ekani aniqlangan, yana bir ishchi bilan aloqa tiklangan, biroq u yer ostida qolib ketgan. Hozirda uning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Bedarak yo‘qolgan ishchi — ekssavator mashinisti bo‘lgani ma’lum qilingan.
Favqulodda vaziyat sababli shahar hokimiyati qo‘shimcha qulashlar ehtimoli tufayli yaqin atrofdagi aholiga evakuatsiya buyrug‘ini bergan. Odamlar vaqtincha mahalliy maktablarga joylashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lishidan biroz oldin qurilish maydonida bir nechta tayanchlarda yoriqlar kuzatilgan va bu bo‘yicha xavfsizlik tekshiruvlari boshlangan edi. Shu sababli tunnel ustidagi olti qatorli yo‘lning bir kilometrlik qismida harakat to‘xtatilgan.
Hozirda Janubiy Koreya Yer, infratuzilma va transport vazirligi hamda POSCO E&C qurilish kompaniyasi vakillari hodisa sabablarini aniqlash va obyekt xavfsizligini baholash bo‘yicha ish olib bormoqda.







