Tramp 1 million muhojirni deportatsiya qilishni rejalamoqda
Tramp deportatsiya bo‘yicha tarixiy raqamlarni yangilamoqchi.

Xabarlarga ko‘ra, Donald Tramp bir yil ichida 1 million muhojirni AQShdan chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda.
Agar bu reja amalga oshsa, bu Amerika tarixidagi eng yirik deportatsiya bo‘ladi. Bungacha eng yuqori ko‘rsatkich Barak Obama davrida qayd etilgan bo‘lib, 2012-yilda 400 ming muhojir chiqarib yuborilgan edi.
Ammo tahlilchilar Trampning bu maqsadini amalga oshirish real emasligini ta’kidlashmoqda. Sabablari orasida yetarli mablag‘ va xodimlarning yo‘qligi, shuningdek, muhojirlarning sud orqali deportatsiyaga qarshi chiqish huquqi mavjudligi keltirilmoqda. Bunday sud jarayonlari yillab davom etishi mumkin.
Reja ustida Oq uydagi siyosiy masalalar bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Stiven Miller ishlayotgani aytilmoqda. Variantlardan biri sifatida hozirda AQShda yashab turgan, lekin ularning vatani ularni qabul qilmayotgan 1,4 millionga yaqin muhojirni chiqarib yuborish ko‘rib chiqilmoqda.
Nashrga ko‘ra, Vashington bu borada 30 ga yaqin davlat bilan muzokara olib bormoqda. Tramp ma’muriyati deportatsiya statistikasi e’lonini to‘xtatgan. Ammo AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan beri 117 ming muhojir deportatsiya qilingan.







