Xitoyda kuchli bo‘ron hayot tarzini izdan chiqardi
Bu Xitoyda so‘nggi 50 yillikdagi eng kuchli bo‘ron hisoblanadi.

Xitoy shimoli va poytaxt Pekinga yopirilgan kuchli shamol transport tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Xabarlarga ko‘ra, Pekindagi ikki yirik aeroportda jami 838 ta aviareys bekor qilingan.
Shuningdek, aeroport metrosi va yuqori tezlikdagi temir yo‘lning ayrim yo‘nalishlari ham vaqtincha to‘xtatilgan. Bo‘ron sababli shahardagi ko‘plab diqqatga sazovor joylar, bog‘lar va tarixiy maskanlar yopilgan.
Shamol tezligi soatiga 150 kmgacha yetgan. Mutaxassislar bu darajadagi kuchli shamol Pekinda so‘nggi 50 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta kuzatilayotganini ta’kidlashmoqda.
Ob-havo noqulayligi dam olish kunlari ham davom etishi kutilmoqda. Rasmiylar tana vazni 50 kg dan kam bo‘lgan fuqarolarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.







