Amerikalik ayol inson suyaklarini noqonuniy sotishda ayblandi
Keyinroq ayol 7500 dollar garov evaziga ozod qilingan.

Florida shtatida yashovchi 52 yoshli ayol Kimberli Schopper inson suyaklarini noqonuniy ravishda sotishga uringani uchun hibsga olindi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi internet foydalanuvchilariga bosh suyagining ikkita bo‘lagini 90 dollarga, xuddi shu narxga bo‘yin va elka suyagini, 35 dollarga qovurg‘a va umurtqa suyagini, 600 dollarga bosh suyagining bir qismini sotib olishni taklif qilgan.
Politsiya tomonidan olib qo‘yilgan namunalar laboratoriyada tekshirilib, suyaklar haqiqiy odamga tegishli ekani aniqlangan. Tahlillarga ko‘ra, ular 100 dan 500 yilgacha bo‘lgan arxeologik topilmalarga o‘xshash. Ayolga odam to‘qimalari savdosi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, biroq 7500 dollar garov evaziga ozod qilingan.
Sotuvchi esa o‘zini begunoh deb hisoblab, bu suyaklarni “o‘rganish modellari” sifatida sotganini va Florida shtatidagi bunday savdolarga taqiq mavjudligidan bexabar bo‘lganini ta’kidlagan. Shtat qonunchiligiga ko‘ra, ba’zi biologik modellar qonuniy sotilishi mumkin, ammo inson suyaklari savdosi bunga kirmaydi.







