Shimoliy Koreyada yirik harbiy kema qurilmoqda
U hozirgacha mavjud kemalardan ikki baravar katta bo‘lishi mumkin.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlar Shimoliy Koreyaning eng yirik harbiy kemasi qurilayotganini ko‘rsatdi. Shimoliy Koreyani tadqiq qiluvchi 38 North tahliliy loyihasining yozishicha, bu kema Shimoliy Koreya harbiy-dengiz kuchlaridagi mavjud kemalardan ikki baravar katta bo‘lishi mumkin. Suratlar 6 aprel kuni olingan bo‘lib, ularda Pxenyandan 60 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan kemasozlik zavodidagi harakatlar aks etgan.
Tahlillarga ko‘ra, bu harbiy kema kamida 26 martdan buyon kemasozlik zavodida mavjud. Qurilish ishlarining ilk alomatlari esa 2024 yilning may oyida paydo bo‘lgan. Kemaning asosiy qismlari ustaxonada yig‘ilgan, bu esa sun’iy yo‘ldosh kuzatuvini murakkablashtirgan. 38 North portda yangi qurilish materiallari va komponentlar ko‘payganini ham qayd etdi, bu Pxenyan bir nechta shunga o‘xshash kemalarni qurishga bel bog‘laganidan darak beradi.
Tahlilchilarning hisoblashicha, kemaning uzunligi taxminan 144 metrni tashkil etadi. Bu kema boshqariladigan fregat (FFG) bo‘lib, u zenit va kemaga qarshi raketalarni uchirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Kema hozircha to‘r bilan yopilgan bo‘lib, atrofida qurilish kranlari joylashgan.







