Indoneziyadagi eng baland vulqonlardan biri otilib chiqdi
Hozirda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Indoneziyaning Sharqiy Java viloyatida joylashgan Semeru vulqoni yana besh marta otilib, mintaqadagi faolligi keskin ortmoqda.
Kuzatuvchilarning qayd etishicha, vulqon krateridan ko‘tarilgan kul ustuni 1 ming metr balandlikka, ya’ni dengiz sathidan 4 676 metr balandlikka yetgan. Kul Shimoliy va Shimoli-sharqiy yo‘nalishda katta zichlik bilan tarqalgan.
Indoneziya Vulkanologiya va geologik falokatlarni yumshatish markazi aholiga va sayyohlarga xavfsizlik choralarini kuchaytirishni tavsiya etmoqda. Xususan, issiq toshlarning uloqtirilishi xavfi tufayli krater atrofidagi 3 kilometrli hududga yaqinlashmaslik kerakligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Semeru — Indoneziyadagi to‘rtinchi eng baland vulqon (3676 metr) bo‘lib, Java orolidagi eng baland nuqta hisoblanadi.
Indoneziya dunyodagi eng yirik arxipelag hisoblanib, 18 ming oroldan iborat. Mamlakat Tinch okeanidagi “Olov halqasi”da joylashgan bo‘lib, yuqori darajadagi seysmik faollik bilan ajralib turadi. Bu yerda 500 dan ortiq vulqon mavjud, ularning 130 ga yaqini faol hisoblanadi.







