Xitoy AQShga nisbatan bosimini kuchaytirmoqda
Xitoy Boeing samolyotlarni sotib olishni taqiqladi.

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo urushi yana bir bor keskinlashdi. Xitoy hukumati o‘z aviakompaniyalariga amerikalik aviagigant Boeing’dan samolyot, ehtiyot qismlar va tegishli uskunalarni xarid qilishni qat’iyan taqiqladi. Bu qaror, Pekinning Vashingtonning protektsionistik siyosatiga nisbatan keskin javobi sifatida talqin qilinmoqda.
Ma'lum qilinishicha, Xitoy hozirda Boeing samolyotlarini ijaraga olgan mahalliy aviakompaniyalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish yo‘llarini o‘rganmoqda. Ayni vaqtda 10 ga yaqin Boeing 737 Max samolyoti Xitoy aviaparkiga o‘tishga tayyor, ammo ushbu taqiq sababli ushbu jarayon qiyinlashmoqda.
AQShning Xitoyga nisbatan bojlarni umumiy hisobda 145 foizgacha ko‘tarishi Pekinda keskin norozilik uyg‘otgan. Javoban, 12-apreldan boshlab Xitoy ham AQSh mahsulotlariga nisbatan boj stavkalarini 84 foizdan 125 foizgacha oshirdi.
Mazkur qaror global aviatsiya bozoriga ham, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, Xitoyning Boeing’ga nisbatan qadamlaridan eng ko‘p zarar ko‘radigan tomon aynan AQSh aviatsiya sanoatining o‘zi bo‘ladi.







