Germaniyada shifokor 15 bemorni o‘ldirishda ayblanmoqda
Berlin prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

Germaniyaning Berlin shahrida palliativ tibbiyot sohasida faoliyat yuritgan 40 yoshli shifokor kamida 15 bemorni ataylab o‘ldirishda ayblanmoqda. Bu haqda Berlin prokuraturasi rasmiy bayonot e’lon qilgan.
Tergov organlari 2021-yil 22-sentabrdan 2024-yil 24-iyulgacha sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganib chiqib, shifokor og‘ir ahvoldagi bemorlarga anestezik va nerv-mushak faoliyatini sekinlashtiruvchi moddalar berganini aniqladi. Bu moddalar nafas olish mushaklarini falaj qilib, o‘limga olib kelgan.
Prokuratura shifokorni “tibbiyot me'yorlariga zid” harakat qilganlikda ayblamoqda. Hozirda tergov davom etmoqda: yana 75 ta holat o‘rganilmoqda, bu esa qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ayblanuvchi 2024-yil avgustidan beri tergov hibsxonasida saqlanmoqda.







