Shimoliy Koreya Rossiya-Ukraina urushidan milliardlab daromad oldi
Rossiya harbiylari o‘q-dorilarning yarmidan ortig‘ini Shimoliy Koreyadan olmoqda.

Janubiy Koreya Mudofaa tadqiqotlari instituti (KIDA) hisobotida xabar berishicha, Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali Ukraina urushidan 20 milliard dollardan ortiq foyda ko‘rgan.
Hisobotga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga asosan artilleriya snaryadlari va boshqa o‘q-dorilar yetkazib bergan. Bundan tashqari, KXDR harbiy xizmatchilarini urush zonasiga yuborayotgani va Rossiyaga texnik yordam ko‘rsatayotgani ham qayd etilgan.
Taxminlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya bu xizmatlari evaziga Moskvadan yuqori texnologiyali qurollar olmoqda.
Reuters va Britaniyaning Open Source Center tashkilotlari tomonidan olib borilgan kuzatuvlarga ko‘ra, so‘nggi 20 oy ichida KXDRdan Rossiyaga kamida 64 marta qurol tashilgan. Bu tashuvlarda jami 4 milliondan 6 milliongacha snaryad yetkazib berilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayni vaqtda Rossiya frontda foydalanayotgan o‘q-dorilarning qariyb yarmi Shimoliy Koreya manbalaridan olinmoqda.







