Xalqaro buyrak transplantatsiya jinoiy tarmog‘i fosh etildi
Ozarbayjon fuqarosi noqonuniy transplantatsiya qurboni bo‘ldi.

Germaniyaning nufuzli OAVlari — Der Spiegel, ZDF va Deutsche Welle tomonidan o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv natijalariga ko‘ra, Keniya hududidagi Eldoret shahrida joylashgan Mediheal klinikasida noqonuniy buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari o‘tkazilayotgani aniqlangan. Ular orasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va Pokiston fuqarolari donor sifatida jalb qilingan.
Tergovga ko‘ra, Germaniya va Isroil kabi mamlakatlardagi badavlat bemorlar buyrak transplantatsiyasi uchun uzoq yillar navbat kutmaslik maqsadida ushbu noqonuniy tarmoq xizmatlaridan foydalangan. Donorlar bemorlar bilan hech qanday qarindoshlik aloqasiga ega bo‘lmagan bo‘lsa-da, rasmiy hujjatlarda ular “yaqin qarindosh” sifatida ko‘rsatilgan.
Ayniqsa xavotirli jihati — ba’zi donorlar voyaga yetmagan, tilni bilmagan, va operatsiyaning oqibatlarini to‘liq tushunmagan holda hujjatlarni imzolashga majbur bo‘lgan.
Surishtiruv davomida aniqlanishicha, Germaniyada buyrak transplantatsiyasini kutayotganlar soni 10 000 dan ortiq, kutish muddati esa 8–10 yilni tashkil etadi. Shu sababli ayrim bemorlar chet elda noqonuniy transplantatsiya xizmatlariga murojaat qilmoqda. Ular orasida Gunzenxauzen shahridan 57 yoshli Sabine Fisher-Kugler ham bor. U 24 yoshli ozarbayjonlik donordan buyrak olgan. Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, operatsiya “bepul" deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bemorning o‘zi 100–200 ming dollar oralig‘ida mablag‘ sarflaganini tan olgan.
Mediheal klinikasining asoschisi va rahbari hindistonlik sobiq deputat Svarup Mishra hozirda Keniya davlat biotexnologiya instituti rahbari bo‘lib ishlamoqda. U JSST bilan aloqalarda mamlakat vakili sifatida chiqish qilsa-da, organ savdosiga oid savollarga javob berishdan bosh tortgan.
Noqonuniy operatsiyalar natijasida donorlarning ko‘pchiligi sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolar va ruhiy zo‘riqishlarga duch kelgan.







