Xitoyda 7 yoshli bolaga dunyodagi eng mitti sun’iy yurak o‘rnatildi
Shifokorlar bolaga 45 grammli sun’iy yurak o‘rnatdi.

Xitoylik shifokorlar yetti yoshli bemorga dunyodagi eng kichik sun’iy yurakni muvaffaqiyatli o‘rnatishdi. Bu bolalar transplantatsiyasi sohasida muhim tibbiy yutuq sifatida qayd etilmoqda.
Jarrohlik amaliyoti 15-aprel kuni Sexe kasalxonasida, Xuajun fan va texnologiya universiteti Tunszi tibbiyot kollejiga qarashli markazda bo‘lib o‘tdi. Operatsiyaga yurak-qon tomir jarrohligi bo‘limi boshlig‘i Dun Nyango boshchilik qildi.
Bemor yurak yetishmovchiligining og‘ir bosqichida bo‘lgan. Shifokorlar uch yil davomida ishlab chiqilgan magnitli levitatsiyali sun’iy nasos yordamida bolaning yurak va o‘pka faoliyatini tiklashga erishgan.
O‘rnatilgan qurilma atigi 45 gramm vaznga ega bo‘lib, diametri 2,9 santimetrni tashkil etadi. Bu uchinchi avlod sun’iy yurak hisoblanadi va oldingi modellarga nisbatan energiyani kam sarflaydi, uzoqroq ishlaydi, yuqori ishonchlilikka ega hamda bemor tanasining holatiga moslasha oladi.
“Bugungi tayyor qurilmalarning aksariyati kattalar uchun mo‘ljallangan. Vazni 15 kilogrammdan kam, ko‘krak qafasi tor bolalar esa ilgari bunday amaliyotlardan chetda qolib kelgan edi”, — dedi doktor Nyango.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda har yili yurak bilan bog‘liq og‘ir muammolar sababli 40 000 ga yaqin bola davolanishga muhtoj bo‘ladi, ularning 10 foizi esa yurak transplantatsiyasiga ehtiyoj sezadi.








