Polshada ilk ayol F-16 uchuvchisi tarixga kirdi
Polsha havo kuchlarida ilk bor ayol qiruvchi uchuvchisi tayyorlandi.

Polsha harbiy-havo kuchlari tarixida ilk bor ayol ofitser F-16 qiruvchi samolyotini boshqarish malakasini oldi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish rasmiy sahifasida xabar berdi.
"Bu juda muhim voqea — birinchi ayol F-16 uchuvchisi", — dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol ofitser 32-taktik aviabazada, Lask shahrida xizmat qiladi. U F-16 uchun zarur bo‘lgan maxsus tayyorgarlikni AQShdagi malaka oshirish kurslarida tamomlagan.
Vazir yana bir ayol uchuvchi hozirda 31-harbiy bazada tayyorgarlik bosqichida ekanini aytib, bu jarayon Polsha harbiylariga ayollarni faol integratsiya qilish siyosatining bir qismi ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, hozirda Polsha havo kuchlari ixtiyorida 48 ta F-16 ko‘p maqsadli qiruvchi samolyoti mavjud. Ayollarning jangovar aviatsiyaga qo‘shilishi qurolli kuchlarda gender tenglikka erishish yo‘lidagi global tendentsiyalarning bir ko‘rinishi hisoblanadi.







