AQSh armiyasi faxriysi samolyotni olib qochdi
U ikki yo‘lovchi va uchuvchini jarohatlagan.

49 yoshli amerikalik Akinyela Sava Teylor Markaziy Amerikaning Beliz davlatida ichki aviareysni amalga oshirayotgan samolyotni olib qochishga urindi. U uchuvchiga pichoq bilan tahdid qilib, samolyotni boshqa yo‘nalishga burishni talab qilgan. Qaroqchilikka uringan sobiq harbiy voqea joyida qurol olib yurishga ruxsati bo‘lgan yo‘lovchi tomonidan zararsizlantirildi.
Tropic Air aviakompaniyasining Cessna Caravan (V3-HIG) samolyoti Korozaldan San-Pedroga parvoz qilayotgan edi. Bortda 14 yo‘lovchi va 2 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Parvoz vaqtida Teylor pichoq chiqargan va uchuvchiga tahdid solgan. Uchuvchi favqulodda signal bergach, vaziyat jiddiy tus olgan.
OAV maʼlumotlariga ko‘ra, Teylor ikki yo‘lovchi va uchuvchini jarohatlagan. Qaroqchini yo‘lovchilardan biri to‘xtatgan va samolyot yoqilg‘i tugay yazganda, uchuvchi uni xavfsiz tarzda qirg‘oq bo‘yidagi shaharga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Ko‘krak qafasidan o‘q yegan Teylor kasalxonaga olib ketilayotganda vafot etgan.
Teylor AQShda o‘rta maktab o‘qituvchisi va futbol murabbiyi bo‘lib ishlagan. U Belizga qanday qilib vizasiz kirgani hozirda tekshiruv ostida. Rasmiylar hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda.







