Hindistonda ko'p qavatli bino qulab tushdi
Hozirda qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Hindiston poytaxti Dehlida joylashgan to‘rt qavatli bino qulab tushdi. Hodisa 19-aprel kuni tongda, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 02:30 atrofida shaharning shimoli-sharqidagi Mustafobad hududida sodir bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea natijasida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 10 ga yaqin fuqaro tan jarohati olgan. Jabrlanganlar zudlik bilan mahalliy tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.
Hozirda qutqaruv guruhlari hodisa joyida ish olib bormoqda. Vayronalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkinligi sababli qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Mahalliy rasmiylar hodisaga nima sabab bo‘lganini aniqlash uchun surishtiruv boshlagan. Binoning texnik holati va qurilish standartlariga rioya etilgan-etilmaganligi yuzasidan ham tekshiruv olib borilmoqda.







