Qirg‘izistonda “Rus uyi” xodimasi urushga odam yollagani uchun hibsga olindi
O‘shdagi to‘rt shaxs ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bishkek shahridagi Birinchi may tumani sudi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining iltimosiga binoan, O‘sh shahrida faoliyat yurituvchi “Rus uyi” xodimasi Nataliya Sekerinani 17-iyungacha hibsda saqlash haqida qaror chiqardi.
Jinoyat ishi doirasida O‘sh shahri hokimiyati matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham hibsga olingan. Undan tashqari, yana ikki nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, ularning shaxsi hozircha ochiqlanmagan.
To‘rtala gumondorga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining “Yollanma jangchi” moddasiga binoan ayblov qo‘yilgan. Mazkur modda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.
Sud ma'lumotlariga ko‘ra, ular odamlarni Rossiyaning Ukrainadagi urushida ishtirok etish uchun yollaganlikda gumon qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Qirg‘iziston fuqarosi Asqar Qubanichbek Uulu Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarida qatnashgani uchun 10 yilga qamalgan edi. Keyinroq jazo yengillashtirilib, u muntazam ravishda huquq-tartibot organlariga borib qayd etilishi sharti bilan ozod qilingan. 2024-yil yozida esa u Rossiyaga qochib, yana frontga qaytib ketgani aniqlangan.








