AQSHda 12 shtat Trampni sudga berdi
Tarif siyosati sudda ko‘rib chiqiladi.

Amerikaning 12 shtati prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan bojxona tariflarini noqonuniy deb hisoblab, ularni bekor qilish talabi bilan AQSh Xalqaro savdo bo‘yicha Federal sudiga da’vo arizasi berdi.
Sud hujjatlarida ta’kidlanishicha, Tramp so‘nggi uch oy ichida prezident farmoyishlari, memorandumlar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar hamda turli agentliklar ko‘rsatmalari orqali tariflarni o‘zgartirgan, oshirgan va ayrim hollarda to‘xtatib qo‘ygan. Da’vogarlar bunday siyosatni qonunchilikka zid deb hisoblab, bu orqali davlat savdo siyosati prezidentning shaxsiy istaklariga bog‘liq holga kelganini ta’kidlashmoqda.
Shuningdek, Tramp favqulodda holat e’lon qilgan holda Kongressni chetlab o‘tib, mamlakatning tarif siyosatini tubdan o‘zgartirishga uringanlikda ayblanmoqda. Bu esa, da’vogarlar fikricha, konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazgan va Amerika iqtisodiyotiga zarar keltirgan.
Da’voni Oregon shtati Bosh prokurori ilgari surgan bo‘lib, u Arizona, Vermont, Delaver, Illinoys, Kolorado, Konnektikut, Minnesota, Meyn, Nevada, Nyu-York va Nyu-Meksiko shtatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Ishda ayblanuvchi sifatida Donald Tramp, Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem hamda Bojxona va chegaralarni himoya qilish xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Piter Flores ko‘rsatilgan.







