G‘azoda 600 ming bola vaksina taqchilligi sabab nogironlik xavfi ostida
Hozirda G‘azoda poliomielit va qizamiq xavfi kuchaygan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori doktor Munir al-Burshning ta’kidlashicha, Isroil tomonidan vaksinalarni sektor hududiga olib kirish qat’iyan taqiqlangani sababli 600 mingdan ortiq bola tuzalmas nogironlik — xususan, bolalar falaji (poliomielit) va boshqa og‘ir surunkali kasalliklar xavfi ostida qolmoqda.
Muammo faqat poliomielit emas. Mahalliy jurnalistlarning ma’lum qilishicha, G‘azoda endilikda qizamiq kasalligi ham bolalar orasida keng tarqala boshlagan. Bu esa mavjud inqirozni yanada chuqurlashtirib, epidemiologik portlash xavfini tug‘dirmoqda.
BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bu kabi sog‘liqni saqlash bo‘yicha sanksiyalarni inson huquqlari va bolalar salomatligiga bevosita tahdid sifatida baholamoqda. G‘azo sektorida allaqachon oziq-ovqat, suv va dori-darmon yetishmovchiligi hukm surayotgani inobatga olinsa, vaksina taqchilligi fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin.







