Turkiyada erkak operatsiyadan so‘ng ona tilini unutdi
Bemor turkchani unutib, daniyacha so‘zlashmoqda.

Turkiyaning Koniya shahrida yashovchi 67 yoshli erkak tizzasidagi jarrohlik amaliyoti va arteriya tiqilib qolganidan keyin o‘z ona tili — turk tilini unutdi va faqat daniyacha so‘zlasha boshladi.
Operatsiyadan so‘ng bemorning o‘ng qo‘li va oyog‘ida kuchsizlanish holati kuzatilgan. Shifokorlar shoshilinch angiografiya o‘tkazib, tomirlardagi to‘siqni olib tashlashdi. Biroq natijada erkak faqat Daniya tilida gapira boshladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bemor bundan 20 yil avval Daniyada yashagan va so‘ng Turkiyaga qaytib, Konyada hayotini davom ettirgan. Oxirgi 10 yil ichida esa u daniyacha umuman so‘zlashmagan.
“Mening boshimda faqat daniya tili bor, turk tilida esa bir og‘iz so‘z ayta olmayapman”, — deydi u tarjimon orqali.
Selchuk universiteti tibbiyot fakulteti doktori Go‘khan O‘zdemirning aytishicha, miyaga qon oqimi buzilganda ayrim hollarda bemorlar ona tillarini unutib, ilgari o‘rganilgan yoki notanish tillarda gapira boshlashi mumkin. Mutaxassis bemorning tez orada yana turk tilida so‘zlashishni boshlashiga umid bildirdi.
Xuddi shunga o‘xshash holat 8-aprel kuni Niderlandiyada ham qayd etilgan. Futbol jarohati tufayli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan 17 yoshli o‘smir behushlikdan uyg‘ongach, ona tilini — niderland tilini unutib, to‘satdan ingliz tilida, amerikalik aksent bilan so‘zlasha boshlagan. Hatto u o‘zini Yuta shtatida yashayotgan deb tanishtirgan. Shifokorlar psixiatrik tekshiruv o‘tkazgan bo‘lsa-da, hech qanday jiddiy muammo aniqlamagan.







