Rossiya Ukraina bilan hech qanday shartsiz muzokaralarga tayyor
Tramp Vitkoff-Putin uchrashuvini ijobiy baholadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Vitkoff bilan uchrashuvda Rossiya tomoni Ukraina bilan hech qanday dastlabki shartlarsiz muzokaralarni boshlashga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan izohida shunday dedi:
“Vladimir Putin Trampning vakili Vitkoff bilan kechagi uchrashuvda Rossiya tomoni hech qanday shartsiz Ukraina bilan muzokara jarayonini qayta tiklashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi”.
Ma’lumot uchun, bu Putin va Vitkoff o‘rtasidagi yil boshidan buyon bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi uchrashuvdir. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, suhbat uch soat davom etgan va “konstruktiv, juda foydali” tarzda o‘tgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Vitkoffning Putin bilan uchrashuvini “yaxshi” deb baholagan.








