Rossiyaning maxfiy sun’iy yo‘ldoshi nazoratdan chiqdi
“Kosmos-2553” sun’iy yo‘ldoshi ishdan chiqqanligi aniqlandi.

Rossiyaning yadroviy qurollanish dasturiga aloqador maxfiy “Kosmos-2553” sun’iy yo‘ldoshi nazoratdan chiqib ketdi.
Qayd etilishicha, sun’iy yo‘ldosh katta ehtimol bilan ishdan chiqqan. “Kosmos-2553” Rossiyaning yadroviy komponentga ega yangi turdagi koinot qurolini yaratish loyihasi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya ushbu sun’iy yo‘ldoshni 2022-yil fevral oyida, Ukraina urushi boshlanishidan ozgina avval orbitaga chiqargan edi.
AQSh rasmiylari “Kosmos-2553”ni Rossiyaning koinotda AQSh sun’iy yo‘ldoshlarini yo‘q qila oladigan yadroviy qurol joylashtirish rejalarining bir qismi deb hisoblamoqda. Kreml esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.
Sun’iy yo‘ldoshning noodatiy harakatlari 2024-yil noyabr oyida LeoLabs kompaniyasining radar tizimi tomonidan qayd etilgan. 2024-yil dekabr oyida o‘tkazilgan qo‘shimcha kuzatuvlar “Kosmos-2553”ning nazoratdan chiqqanini yuqori darajadagi ishonch bilan tasdiqlash imkonini berdi.
"Bu kuzatuvlar sun’iy yo‘ldosh faoliyatining butunlay to‘xtaganini ko‘rsatmoqda," — deya ta’kidlagan Vashingtondagi Stratejik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazi LeoLabs ma’lumotlarini sharhlar ekan.







