Dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar tarixiy rekord o‘rnatdi
Yevropa va Yaqin Sharq harbiy byudjetda yetakchilik qilmoqda.

2024-yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar 2,7 trillion dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga oshdi. Bu sovuq urush davri tugaganidan buyon kuzatilgan eng keskin o‘sish hisoblanadi, deya ma’lum qilmoqda Stokgolm Tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI) o‘z hisobotida.
Mutaxassislarning qayd etishicha, global miqyosda mudofaa xarajatlari ketma-ket o‘n yildan buyon ortib bormoqda. Eng katta o‘sish ayniqsa Yevropa va Yaqin Sharq mintaqalarida kuzatildi, bu esa Ukraina urushi va G‘azo sektoridagi mojarolar bilan bevosita bog‘liq.
Xususan, Germaniyaning harbiy xarajatlari o‘tgan yili sezilarli darajada oshib, 88,5 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 28 foizga ko‘proqdir. Natijada, Germaniya harbiy byudjeti hajmi bo‘yicha dunyoda AQSh, Xitoy va Rossiyadan keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Ukraina ham rekord darajada mudofaa xarajatlarini amalga oshirib, yalpi ichki mahsulotining 34 foizini mudofaa ehtiyojlariga yo‘naltirdi. Rossiya esa harbiy xarajatlarini 149 milliard dollarga yetkazdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga ko‘proq bo‘lib, mamlakat YIMining 7,1 foiziga tengdir.
Analitiklar bunday tezkor o‘sish xalqaro xavfsizlikka va geosiyosiy vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.








