Yangi Rim papasini saylash uchun konklav 7-may kuni boshlanadi
135 nafar kardinal yangi papa saylovi uchun yig‘iladi.

Bu haqda Reuters agentligi Vatikandagi yuqori martabali manbasiga tayanib xabar bermoqda. Manbaga ko‘ra, konklav sanasi 26-aprel kuni, Papa Fransiskning dafn marosimidan keyin o‘tkazilgan birinchi yopiq yig‘ilishda belgilangandi. Yaqin kunlarda bu haqda rasmiy e’lon ham qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning turli burchaklaridan 80 yoshdan kichik bo‘lgan taxminan 135 nafar kardinal konklavda ovoz berish huquqiga ega.
Avvalgi konklavlar — 2005 va 2013-yillardagi yig‘ilishlar ikki kun davom etgan edi. Biroq shved kardinali Anders Arborreliusning fikricha, bu safargi konklav uzoqroq davom etishi mumkin. Sababi, ko‘plab kardinalar Rim papasi tomonidan tayinlangan bo‘lsa-da, ular ilgari bir-biri bilan yaqindan tanishmagan.
Ekspertlar bu safargi konklavning davomiyligi va natijasi butun katolik dunyosi uchun muhim tarixiy burilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.







