AQSH qiruvchi samolyoti Qizil dengizga qulab tushdi
Oqibatda bir nafar dengizchi yengil jarohat olgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyoti Yamandagi husiylarga qarshi operatsiya doirasida Qizil dengizda joylashgan USS Harry Truman aviatashuvchisining palubasidan suvga qulab tushgan.
AQSH harbiy-dengiz kuchlarining maʼlum qilishicha, samolyotni tortib borish chog‘ida ekipaj boshqaruvni yo‘qotgan va natijada samolyot hamda tortuvchi transport vositasi bortdan qulab tushgan. Ekipaj aʼzolari qutqarilgan, bir dengizchi yengil jarohat olgan.
CNN manbasining aytishicha, aviatashuvchi husiylarning zarbasidan qochish uchun keskin burilish qilgan va bu 60 million dollarlik samolyotning dengizga qulashiga sabab bo‘lgan. 28 aprel kuni husiylar USS Harry Truman aviatashuvchisiga dronlar va raketalar bilan zarba berganini eʼlon qilgan edi.







