Xitoyda restoran yonib ketdi
Fojia oqibatida 22 kishi halok bo'lgan.

Xitoyning Lyaonin viloyati, Lyaoyang shahridagi turar joy hududida joylashgan restoranda yuz bergan dahshatli yong‘in oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Sinxua” davlat axborot agentligi xabar berdi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in seshanba kuni tushdan keyin boshlangan, ammo hozircha voqeaning aniq sabablari ma’lum qilinmagan. CCTV telekanalining bildirishicha, birinchi qavatdagi restoran binosi yong‘inga o‘ralgan va atrofdagi o‘nlab avtomobillar ham yonib ketgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yong‘inning kuchli alangasi va tutun ichida qolgan binolar aks etgan.
Xitoy rahbari Si Szinpin ushbu fojiani “nihoyatda og‘ir” deb atab, mahalliy rasmiylarga jabrlanuvchilarga zudlik bilan yordam ko‘rsatishni, hodisa sabablarini aniqlashni hamda mas’ullarni javobgarlikka tortishni buyurdi.
Bu Xitoyda so‘nggi oylarda yuz bergan bir necha yirik yong‘inlardan biridir. Shu yil aprel oyida Xebey viloyatidagi qariyalar uyida chiqqan yong‘in 20 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.







