Fransiya Rossiyani birinchi bor kiberhujumlarda ochiq aybladi
Fransiya: Rossiya razvedkasi davlatimizga qarshi xakerlik urushini olib bormoqda.

Fransiya hukumati ilk bor Rossiyani o‘z davlatiga qarshi yillar davomida olib borilgan kiberhujumlar ortida turishda rasman aybladi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bergan bayonotga ko‘ra, Rossiya harbiy razvedkasi — GRU bilan bog‘liq APT28 nomli mashhur xakerlar guruhi 2021-yildan beri Fransiya davlat muassasalari va xususiy sektoriga qarshi yuzlab kiberhujumlarni amalga oshirgan.
“APT28 guruhi Fransiyaning mudofaa, moliya va iqtisodiyot sohalariga qarshi rejalashtirilgan hujumlar uyushtirgan. Hujumlar ko‘lami keng bo‘lib, Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan tashkilotlar, shuningdek, prezidentlik saylov kampaniyalari ham nishonga olingan”, — dedi Barro.
APT28 ilgari ham bir necha bor e’tiborga tushgan — xususan, 2015-yilda ular “Islomiy davlat” nomidan chiqib, TV5 Monde telekanalining efirini buzib, Fransiyada vahima tarqatishga uringan. Shuningdek, ular 2017-yilda Emmanuel Makronning saylov kampaniyasiga qarshi xakerlik operatsiyasini amalga oshirgan.
AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Isroil kabi davlatlarning kiberxavfsizlik sohasidagi yetakchi mutaxassislari APT28 harakatlarini GRU buyruqlari asosida olib borilayotganini tasdiqlagan. Biroq Rossiya tomoni bu ayblovlarni mutlaqo rad etmoqda va mazkur xakerlar bilan aloqasi yo‘qligini bildirgan.
Fransiya rasmiylarining bu chiqishi Yevropa ittifoqi doirasida Rossiyaga nisbatan kiberxavfsizlik siyosatini kuchaytirish chaqiriqlari fonida yuz bermoqda.







