Isroilda kuchli o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda
Yevropa davlatlari yong‘inlarni o'chirishda yordam yubormoqda.
Isroilda bir necha kundan beri davom etayotgan kuchli o‘rmon yong‘inlari mamlakatning markaziy va g‘arbiy hududlarini qamrab oldi. Yong‘inlar ayniqsa Quddus atrofidagi tepaliklarda keng maydonlarga tarqalgan. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, kuchli shamol va 40 darajadan yuqori harorat olovning tez yoyilishiga sabab bo‘lmoqda.
Isroil hukumati yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan hududlardan aholini favqulodda tartibda evakuatsiya qilishni boshladi. Quddusga olib boruvchi asosiy avtomagistral yo‘llar vaqtincha yopilgan.
Favqulodda vaziyatga javoban Yevropaning bir nechta davlatlari Isroilga o‘t o‘chirish guruhlarini yubordi:
Gretsiya, Xorvatiya, Kipr va Italiya yong‘inlarni o‘chirishda ishtirok etmoqda. Yordam tarkibida maxsus samolyotlar, vertolyotlar va o‘rmon yong‘inlariga qarshi jihozlangan texnikalar ham bor.
Isroil hukumati jahon hamjamiyatidan yordam so‘rashni davom ettirmoqda. Mutaxassislar fikricha, global isish va uzoq davom etgan qurg‘oqchilik mintaqada yong‘in xavfini sezilarli darajada oshirgan.







