AQSh Ukrainaga tijoriy harbiy yordamni boshladi
Tramp Ukrainaga 50 million dollarlik harbiy bitimni tasdiqladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga 50 million dollar miqdoridagi harbiy texnika va mudofaa xizmatlarini yetkazib berish bo‘yicha bitimga ruxsat berdi. Bu haqda AQSh ma’muriyati xabar bermoqda.
Trampning 2025-yil yanvarida Oq uyga qaytganidan keyingi ilk harbiy eksport bitimi Ukraina uchun texnika, texnik hujjatlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat savdolari (DCS) orqali mudofaa xizmatlarini o‘z ichiga oladi. Biroq, yetkaziladigan mahsulotlarning aniq tafsilotlari hozircha oshkor etilmadi.
Ma’lumot uchun, AQSh yaqinda Ukraina bilan harbiy hamkorlik siyosatini o‘zgartirgan: endilikda Kiyevga qurol-yarog‘ bepul emas, tijoriy asosda yetkazib beriladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bunga javoban Amerika harbiy mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishga tayyor ekanini bildirgan va bu maqsadlar uchun 50 million dollargacha mablag‘ ajratishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.







