Trampning boj siyosati AQSh YaIMining pasayishiga sabab bo'ldi
Tramp davrida AQSh iqtisodiyoti 2022-yildan beri ilk bor qisqardi.

AQSh iqtisodiyoti 2025-yilning birinchi choragida 0,3 foizga qisqardi. Bu haqda AQSh Savdo vazirligi huzuridagi Iqtisodiy tahlil byurosi (BEA) ma’lum qildi. Pasayishning asosiy sabablari sifatida davlat xarajatlarining kamayishi va importning oshishi ko‘rsatilgan.
Bloomberg nashri ushbu holatni Donald Tramp ma’muriyatining boj siyosati bilan bog‘ladi. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, kompaniyalar boj stavkalari kuchga kirishidan oldin ko‘p miqdorda mahsulot import qilgan, bu esa statistik ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘rsatgan.
Mutaxassislar fikricha, bu Trampning savdo siyosatiga javoban yuzaga kelgan "zanjirli reaksiya"ning ilk bosqichidir. Iqtisodchilar qisqa muddatda iqtisodiy tiklanishni kutishmoqda, ammo yil davomida yuqori bojlar ichki talabni pasaytirishi va ishlab chiqaruvchilar uchun muammolar tug‘dirishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko‘ra, bojxona choralariga javoban joriy etilgan cheklovlar eksportni ham sekinlashtiradi. Bu esa 2025-yilning qolgan uch choragida iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
High Frequency Economics bosh iqtisodchisi Karl Vaynbergning ta’kidlashicha, "bojlar ortgani, soliq bosimi kuchaygani va iqtisodiy noaniqliklar yil oxiriga kelib yalpi ichki mahsulotni manfiy hududga olib kirishi mumkin".







