“Barselonadan menga hech kim qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q”
Husanovning agenti futbolchi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester City” himoyachisi Abduqodir Husanov atrofidagi mish-mishlarga agenti G‘ayrat Hasbiullin izoh berdi. Unga ko‘ra, Husanovning “Barselona”ga o‘tishi haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Barselonadan menga hech kim qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q, bu faqat mish-mish. Klub prezidenti ham aloqaga chiqmagan,” — dedi Hasbiullin Sport-Express nashriga.
Avvalroq Ispaniyaning Carpetas Blaugranas nashri “Barselona” Husanovni bir mavsumga ijaraga olib, keyinchalik to‘liq xarid qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli Husanov 2025-yil yanvarida “Manchester City”ga o‘tgan va 2029-yilgacha shartnoma imzolagan. U joriy mavsumda 9 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urishga ulgurgan.







