Putin urushda strategiyasini o‘zgartirdimi?
Putin bosib olingan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishga urinmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, AQSh va Yevropa razvedka xizmatlari o‘rganayotgan yangi ma'lumotlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushdagi e'tiborini bosib olingan hududlarda ta'sirini mustahkamlashga qaratayotganini ko‘rsatmoqda.
Manbalarning aytishicha, Putinning yana bir qisqa muddatli maqsadi – og‘ir ahvoldagi Rossiya iqtisodiyotini ichki rag‘batlantirish orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘lishi mumkin.
Oldinroq Putin urushda Rossiya foyda ko‘rishiga ishongan bo‘lsa, hozirgi razvedka baholariga ko‘ra, u vaziyatni boshqacha ko‘ra boshlagan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, aynan shu razvedka ma'lumotlari Donald Tramp va uning jamoasiga Putin tinchlik muzokaralariga tayyor bo‘lishi mumkinligini uqtirishga xizmat qilgan.
Shu bilan birga, AQSh rasmiylari bu da’volarga hanuz shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, hattoki Rossiya vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa ham, keyinchalik urushni yana davom ettirish xavfi mavjud.
“Menimcha, Putin ayni damda o‘ziga foydali deb hisoblagan va erishilishi mumkin bo‘lgan maqsadlarga harakat qilmoqda”, — deydi G‘arb razvedkasining yuqori lavozimli vakili.







