TikTok maxfiylik qoidalarini buzishda ayblandi
TikTok Yevropa foydalanuvchilari ma'lumotlarini Xitoyga uzatgan.

TikTok Yevropalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini Xitoyga uzatgani uchun 530 million yevro jarimaga tortildi. Bu haqda Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi bayonotida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, TikTok ba’zi Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilarining ma’lumotlarini Xitoydagi serverlarda saqlaganini tan olgan. Bu esa Yevropaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalariga zid hisoblanadi.
Dastlab TikTok rahbariyati bu holatni inkor etgan, ya’ni Yevropa va AQSh foydalanuvchilarining ma’lumotlari Xitoyda saqlanmaganini da’vo qilgan edi. Biroq 2025-yil aprelida kompaniya ayrim ma’lumotlarning Xitoy serverlariga uzatilganini regulyatorga bildirgan. Aytilishicha, buni TikTokning o‘zi ham faqat 2025-yil fevralida bilgan.
Nazorat organlari ushbu holatni jiddiy huquqbuzarlik deb baholadi va TikTok’ni YeI qonunlariga zid harakat qilganlikda aybladi.







