Xitoy Yerning aylanishini sekinlashtirib, kunlarni uzaytirdi
Xitoyning ulkan loyihasi sayyoraning ritmini o‘zgartirdi.

Xitoyda qurilgan ulkan Uch Dara to‘g‘oni sayyoramiz kunlarini cho‘zishga hissa qo‘shdi. NASA olimlarining ta’kidlashicha, bu inshoot Yerning aylanishini biroz sekinlashtirgan va natijada kunlar 0,06 mikrosekundga uzaygan.
To‘g‘on Yantszi daryosida joylashgan bo‘lib, u 175 metr balandlikda 40 kub kilometr suvni ushlab turadi. Shuncha yirik suv massasining harakati Yerning ichki muvozanatini — massa taqsimoti va aylanish momentini o‘zgartirgan.
NASA geofizigi doktor Benjamin Fong Chao buni shunday izohladi: “Bu xuddi figurali uchuvchining qo‘llarini ochganida aylanishi sekinlashishiga o‘xshaydi”.
Shuningdek, olimlar Yerning aylanishi tabiiy ravishda ham sekinlashayotganini aytishmoqda. Oy ta’siri tufayli bu jarayon davom etmoqda: 1,4 milliard yil avval bir kun atigi 18 soat bo‘lgan, hozir esa kunlar har asrda taxminan 1,8 millisekundga cho‘zilmoqda.
NASA ma’lumotlariga ko‘ra, kunlarning uzayishi tarixda muhim ekologik o‘zgarishlarga ham sabab bo‘lgan. Uzoqroq kunlar Yer atmosferasining kislorod bilan to‘lishiga yordam bergan, bu esa fotosintez va hayot uchun qulay muhit yaratgan.







